Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumaniga “O‘zbekistonning Xitoyi” deya ta’rif beriladi. Chunki ushbu tumanda tadbirkorlar ham, tadbirkorlikning turi ham ko‘p.
Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumaniga “O‘zbekistonning Xitoyi” deya ta’rif beriladi. Chunki ushbu tumanda tadbirkorlar ham, tadbirkorlikning turi ham ko‘p. Shu bilan bir qatorda hududda milliy hunarmandchilik yaxshi rivojlangan. Kun.uz mashhur kulol, yaqinda “O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan Abdulla Narzullayev xonadonida bo‘ldi.
Abdulla Narzullayev mashhur kulolchilar sulolasining oltinchi vakili. Uning ota-bobolari ham ushbu kasb bilan shug‘ullangan. Bugun kulolning xonadoni, u yerda tashkil qilingan muzey va mehmon uyi 3 ta milliy hunarmandchilik – kashtachilik, gilamdo‘zlik va kulolchilik markazlari uyg‘unlashgan hunarmandchilik akademiyasiga o‘xshaydi.
Kulolning opasi Mavluda Narzullayeva va oila bekasi Gulbahor Narzullayeva kashtado‘zlik bilan, kelini Zarina O‘tkirova gilamdo‘zlik, o‘g‘li Akmaljon Narzullayev esa kulolchilik bilan shug‘ullanadi.
Abdulla Narzullayevning ma’lum qilishicha, oilaning milliy kulolchilik muzey majmuasi xalqaro sayyohlik marshrutiga kiritilgan. Turli davlatlardan kelgan sayyohlar xonadonga tashrif buyurib, hunarmandchilik mahsulotlari, ish jarayoni va sulola tarixi bilan tanishadi.
“Bizning asosiy maqsadimiz hunarlarimizda an’anani saqlab qolish. Shuning uchun har uchala hunarda ham mahalliy xomashyodan foydalanamiz va mahalliy uslubda ishlaymiz. Ota-bobolarimiz ham asrlar mobaynida xuddi shu kabi kulolchilik charxlarida ishlab kelganlar. Ular mana shunday tegirmonlarda sir tayyorlaganlar, shu kabi xumdonlarda o‘z asarlarini pishirib olganlar. Tuproqni G‘ijduvon atrofidan olamiz. Soz tuproqni borib o‘zimiz tanlaymiz. Otam rahmatli bizga o‘rgatgan edilarki, kesakni ochib quyoshga qaratganda uning qumi bo‘lmasligi kerak. Ikkinchi belgisi esa kesakning ichida g‘ovaklari bo‘lsa, demak u soz tuproq. Albatta, uni tanlab olgandan keyin ustaxonaga olib kelib, har bir yangi tuproq bilan tajribalar qilamiz. Chunki har bir tuproqning o‘z xarakteri bor”, — deydi Abdulla Narzullayev.
Xalq ustasining ta’kidlashicha, G‘ijduvon an’anaviy kulolchiligi bezak san’atiga kiradi. Mahsulotlarni xorijlik va mahalliy xaridorlar asosan bezak sifatida sotib olishadi. Lekin ulardan uy-ro‘zg‘or buyumlari sifatida ham foydalansa bo‘ladi.
Ko‘plab davlatlarda o‘z ko‘rgazmalari bilan o‘zbek hunarmandchiligini targ‘ib qilgan Abdulla Narzullayev hozirda Isroil davlatida navbatdagi ko‘rgazmasini tashkil qilish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda.