Logo Menyu
Aloqa
Tilni tanlang
Yangiliklar
25 Fev, 2026 66

Xonadonida Hillari Klinton mehmon bo‘lgan usta, tajribali kulol Abdullo Narzullayev

Xonadonida Hillari Klinton mehmon bo‘lgan usta, tajribali kulol Abdullo Narzullayev

Eng ajoyibi, xumdon ichida xuddi issiq nondek pishishga shay turgan turli ko‘rinishdagi yuzdan ortiq sopol buyumlarga qarab, ko‘zingiz quvnaydi.

Eng ajoyibi, xumdon ichida xuddi issiq nondek pishishga shay turgan turli ko‘rinishdagi yuzdan ortiq sopol buyumlarga qarab, ko‘zingiz quvnaydi. Tuproq-olov-suv va qo‘l mehnati nomli to‘rt «ashyo birikmasi»dan yaralayotgan bu mo‘‘jizalar hayratga sabab. Xumdon atrofi gulzor. Bir-birini o‘ymakor yog‘och ustunlar bilan bog‘lab turgan qator xonalar peshayvonini o‘rab turgan kashta so‘zanalar esa hovliga yanada ko‘rk bag‘ishlab turadi.

Bizni yelkasiga hali bitmagan kashtali nimachani tashlab, peshonasiga tang‘ib olgan ipak ro‘moliga ninasini qadagancha yuzlarida nur porlab turgan 95 yoshli onaxon – Muboshira Barakayeva qarshi oldi.

«O‘g‘lim Alisherjon va Abdullajon rahmatli otasining ustunlari, sulolamiz davomchilari bo‘lishdi. Har ikkisi ham biri-biridan ko‘p natijalarga erishishdi. Lekin Alisherjonimning mana bu diplomini hamma yutuqlaridan xo‘b ko‘raman», – deydi onaxon bugun 70 yoshli usta o‘g‘lini xuddi yosh boladek erkalab so‘zlar ekan.

Ha, umrini kulolchilikka bag‘ishlagan Alisher Narzullayevning Portugaliya poytaxti Lissabon shahrida bo‘lib o‘tgan «Xalqaro tasviriy san’at ko‘rgazmasi»da bosh mukofot – Xalqaro Gran-pri sovrinini qo‘lga kiritganini Muboshira aya har kuni o‘g‘li xuddi yangi mukofot olgandek qarshilaydi. «Mana uning diplomi», – deydi onaxon ko‘ngli to‘la sevinch va iftixor bilan takror-takror so‘zlab.

Muboshira ayani bag‘riga bosgan ko‘yi Alisher aka miyig‘ida kulib:

«Gran-priga sazovor bo‘lganimni hammadan ko‘ra onam katta hayajon bilan qarshilaganlar. Germaniya, Fransiya, Chexiya, Isroil, Ozarbayjon, Rossiya, Eron va boshqa davlatlardan yuzdan ziyod hunarmandlar o‘z ijod namunalari bilan ishtirok etgan mazkur ko‘rgazmada Markaziy Osiyodan ishtirok etgan birgina mening sopolsozlik san’ati mahsulotlarim yuksak baholangan edi», – deydi.

Muboshira aya ipak ro‘moliga qadab qo‘ygan ninani ignadonga ohista qo‘yib, «Kel, bolam, senga bir sirni aytay» deydi. Biz onaxon yoniga tizzalaymiz.

– Sobiq ittifoq davri, – so‘zida davom etib onaxon, – 1979-1980 yillar edi, adashmasam. Qadimiy an’analarni tubdan yo‘q qilish siyo­sati kulolchilarni ham chetlab o‘tmay qolmadi. Birgina G‘ijduvon tumanining o‘zidan qirqdan ziyod kulolchilik ustaxonalari yopildi. O‘rni kelganda, do‘konlar buzilib, ming-minglab sopol idishlar eskilik sarqiti sifatida sindirib tashlandi. Biroq, ana shunday og‘riqli davrlarda turmush o‘rtog‘im, kulollar sulolasining beshinchi avlod vakili Ibodullo Narzullayev ajdodlaridan meros hunarni saqlab qolishga astoydil kirishdi. Qariyb, 300 yillik tarixga ega an’anaviy kulolchilikni shunchaki yopib qo‘yilishiga tomoshabin bo‘lib turolmadi.

Kurashdi. To‘siqlarga, bosimlarga ham duch keldi. Biroq, davrning qaltisligiga qaramay, hovlimizda ustaxona qurishdek natijaga erisha oldi. Ustozi Usmon Umarov bilan birgalikda kulolchilik an’analarini rivojlantirishga va avlodlariga ham o‘rgatishga harakat qildi. Bunga erishdi ham. Biz, ayollar esa kashtado‘zlik, patdo‘zlik bilan shug‘ullandik. O‘g‘illarim esa ota kasbini boshda ko‘tardi, yuqori cho‘qqilarga olib chiqdi...

Onaxon hikoyasini tinglab bo‘lgach, uy-muzeyni tomosha qilishga tushdik. Ota sharafiga «Ibodullo Narzullayev nomidagi uy-muzeyi» tashkil qilingan. Ushbu majmuada kulolchilik muzeyi, ko‘rgazma zali, amaliy san’atning kulolchilik, kashtachilik va gilam to‘qimachiligi yo‘nalishlari bo‘yicha ustaxonalari, milliy taomlarimiz taqdim etiladigan oshxona, mehmonlar uchun mo‘ljallangan mahorat darslari o‘tish xonalari va mehmonxona mavjud. Alisher Narzullayevning aytishicha, oilaning milliy kulolchilik muzey majmuasi xalqaro sayyohlik marshrutiga kiritilgan.

Tavsiya etamiz

Boshqa maqolalar

Hammasini ko‘rish