Asrlar osha davom etib kelayotgan, nafis naqshlar va yorqin ranglar dunyosi
O‘zingiz uchun asrlar osha davom etib kelayotgan, nafis naqshlar jamlanmasi aks etgan jozibador kashtachilik san’ati bilan birga yorqin ranglar dunyosini kashf eting.
Ildizi eramizdan avvalgi VI-V asrlarga borib taqaladigan kashtachilik namunalari devorlarni, gilamlar va hattoki harbiylarning liboslarini bezash uchun xizmat qilgan. O‘rta asrlarda, dastlab, kashtalarda hayotiy sahnalar va xayoliy mavjudotlar tasvirlangan bo‘lsa, islom dini kirib kelishi ta’sirida nozik o‘simliksimon naqshlar yaratilgan.
Asrlar osha O‘rta Osiyoda kashtachilik-eng sevimli san’at turlaridan biri bo‘lib, mehr ila avloddan avlodga o‘tib kelgan.
Ushbu hududda bir paytlar oilaviy an’anaga ko‘ra, har bir ayol va qizlar o‘z sepining bir qismi hisoblangan – kashtalarni tikishgan.
XVIII–XIX asrlar esa, O‘rta Osiyo kashtachiligi uchun oltin asr bo‘lib, bu davrda kashtaning iplari mevalar, ildiz va gullardan tayyorlangan tabiiy bo‘yoqlar yordamida bo‘yala boshlangan. Aynan ushbu an’analar hozirgacha davom etib kelmoqda.
Fors madaniyatida “Igna” ma’nosini anglatuvchi “So‘zana” so‘zi kashtachilikning mohiyatini o‘zida mujassam etgan. Bu nafaqat hunarmandchilik, balki tugallanmagan naqsh gullari oilada baxtli kunlarning davom etishi va avlodlar davomiyligi ramzini ham bildiradi.
To‘y ro‘mollaridagi himoya ma’nosini bildiruvchi naqshlar sevgi tarixi va oila farovonligi to‘g‘risida so‘zlaydi. Bir tasavvur qilib ko‘ring-a, ro‘mollardagi bodom va anor tasviri-serfarzandlik va farovonlikni yoki tumor va qalampir naqshlari baxtsizlikdan asrovchi ramziy naqshlar sanalgan.
Mo‘jiza, yarimipak va ipak matolar yaratiladigan to‘quv dastgohidan boshlanadi. Qo‘lda to‘qilgan ushbu ensiz matolar diqqat-e’tibor bilan bir-biriga ulab chiqilib, asos tayyorlanadi. So‘ngra mohir “chizmakash” tabiatning boy mo‘jizalaridan ilhomlanib, gullar, o‘simliklar va geometrik shakllarni uyg‘unlashtirgan holda, naqsh kompozitsiyasini yaratadi.
Haqiqiy san’at durdonasining yaratilishi esa, ayollarining birgalikda bir necha oylab qiladigan mehnati – tikish jarayonida, asarning sayqallanishida kuzatiladi. Har bir asarning boshqasiga o‘xshamasligi, uning yaratuvchisining ijodkorligi va mahorati natijasidir.
Ushbu mo‘jizaning bir bo‘lakchasiga ega bo‘lish imkonini qo‘ldan boy bermang, zero kashtadagi har bir chok o‘z tarixini so‘zlovchi purma’no sayohatga sizni chorlaydi